Germaniya hukumati mamlakatdagi so‘nggi uchta atom elektr stansiyasini ham yopdi. Bu haqda ZDF xabar bermoqda.
Bavariyadagi Isar 2 atom elektr stansiyasi, Baden-Vyurtembergdagi Neckarwestheim 2 va Quyi Saksoniyadagi Emsland stansiyalari tarmoqdan uzildi.
“Avariya yuz bergan taqdirda atom energetikasi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni nazorat qilib bo‘lmaydi”, — dedi Germaniyaning Atrof-muhit va yadroviy xavfsizlik vaziri, “Alyans 90/Yashillar” partiyasi vakili Shteffi Lemke.
Parlamentdagi Sosial-demokratik partiya fraksiyasi Twitter’da shunday post qoldirdi: “Atom energiyasi? Xayr!” O‘z navbatida, Germaniya erkin demokratik partiyasi (FDP) bosh kotibi Bijan Jir-Caray AESdan butunlay voz kechmaslikka chaqirdi.