Twitter akkaunti uchun pul to‘lamagan ko‘plab mashhur shaxslar tasdiqlash belgilarini yo‘qotdi. Biroq kompaniya egasi Ilon Mask ba’zilar uchun shaxsan o‘zi pul to‘lagan.
Twitter mikrobloglar tarmog‘i 20 aprel, payshanba kuni avval taniqli shaxslar va jamoat arboblarining akkauntlariga qo‘yilgan bepul tasdiqlash belgilarini olib tashlashni boshladi. Endi faqat pullik obunachilar o‘zlarining profillarida bunday belgiga ega bo‘lishadi - ammo haqiqiy shaxsni tasdiqlamasdan.
Akkauntlarida ko‘k fondagi oq belgi yo‘qolgan mashhurlar orasida Rim papasi Fransisk, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp, futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu, aktrisa Xelli Berri va ko‘plab xonandalar, jumladan Ledi Gaga, Beyonse, Shakira va Jastin Timberleyk bor.