DataLife Engine / O‘zbekistondagi bir necha aeroport xususiy sektorga topshiriladi

O‘zbekistondagi bir necha aeroport xususiy sektorga topshiriladi

O‘zbekistonda bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari xususiy sektorga topshiriladi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilayotgan ikkinchi xalqaro investitsiya forumida ma’lum qilindi. 

Davlat rahbari forumdagi chiqishida keyingi yillarda O‘zbekistonda avval “yopiq” bo‘lgan sohalarga xususiy investitsiyalar jalb qilinayotganini, jumladan, oldin 100 foiz davlat tarmog‘i bo‘lgan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yo‘l ochilganini e’tirof etgan. 

“Biz transport sohasida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettiramiz. Bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvini ham xususiy sektorga topshiramiz. Temir yo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman”, degan Shavkat Mirziyoyev. 

Shuningdek, bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqilgani aytib o‘tildi. Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi.
27-04-2023, 15:25
Вернуться назад