DataLife Engine / “Elektron resept” tizimi joriy etiladi

“Elektron resept” tizimi joriy etiladi

“Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–140-son, 01.05.2023 y.) qabul qilindi

O‘zbekiston va “KfW” banki o‘rtasida “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga 45 million yevro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 million yevro miqdorida grant bitimi imzolangan

Qarorga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Qarz mablag‘larini qaytarish respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qarorga muvofiq, loyihani o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Raqamli sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra:

• loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha lisenziyalar uchun to‘lovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda ular axborot tizimi amaliyotga to‘liq joriy etilgandan so‘ng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi;

• loyihani amalga oshirish jarayonida iqtisod qilingan mablag‘lar ustuvor ravishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Qaror bilan 2023–2025 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Chora-tadbirlar rejasida, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

➖ “Elektron resept” (reimbursasiya) tizimini joriy etish;
➖ Sanatoriylarga yo‘llanma olish, navbatni kuzatish va mavjud bo‘sh o‘rinlarni ko‘rish imkoniyatini beradigan “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish;
➖Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritishga mo‘ljallangan “Cancer-registr” axborot tizimini joriy etish;
➖Ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimini yaratish;
➖Yagona portal orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari ma’lumotnomalarini olish imkoniyatini yaratish.
2-05-2023, 20:19
Вернуться назад