DataLife Engine / Toshkentda Qatar Davlatining elchixonasi ochildi

Toshkentda Qatar Davlatining elchixonasi ochildi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, kecha, 7 may kuni ikki davlat hukumatlari, diplomatik korpus vakillari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida elchixonaning tantanali ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston tomoni Qatarni arab dunyosidagi muhim, ishonchli va istiqbolli hamkor deb bilishini ta’kidladi. Qatar diplomatik vakolatxonasining ochilishi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishi, ularning amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov mamlakatga tashrif bilan kelgan Qatar Davlati tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda tomonlar jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining dolzarb masalalari, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, siyosiy muloqotni faollashtirish istiqbollari, savdo va investisiyaviy aloqalar, madaniy-gumanitar hamda sayyohlik almashinuvlarini muhokama qildilar.

"Shubhasiz, Qatarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli hamkorlik ufqlarini kengaytirish, savdo va investisiyaviy sohalarni, shuningdek, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni jadallashtirishga xizmat qiladi", - deydi Baxtiyor Saidov.
8-05-2023, 22:34
Вернуться назад