Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on prezidentlik saylovlariga besh kun qolganida davlat xizmatchilarining maoshlari oshirilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmatiga tayanib, Daily Sabah xabar berdi.
“Biz davlat xizmatchilarining maoshlarini, jumladan, ijtimoiy ta’minot ulushini 45 foizga oshirmoqdamiz. Shunday qilib, davlat xizmatchilari uchun eng kam ish haqini 15 ming liraga (taxminan 770 dollar) oshirmoqdamiz”, — dedi Erdo‘g‘on.
Rasmiylar 2023-2024-yillarda 700 mingga yaqin davlat xizmatchisining maoshini oshirish niyatida. Bundan tashqari, qo‘shimcha ish haqi, tungi ishchilarning maoshi va faxriylarning nafaqasini ham oshirish rejalashtirilgan.
Erdo‘g‘on 20 yildan beri Turkiyani avval bosh vazir (2003-yildan), keyin esa prezident (2014-yildan) sifatida boshqarib kelmoqda.
14-may kuni mamlakatda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. So‘rov natijalariga ko‘ra, Erdo‘g‘on ularni boy berishi mumkin. Amaldagi prezidentning asosiy raqibi 74 yoshli muxolifat nomzodi, Turkiya parlamenti deputati, Respublika Xalq partiyasi yetakchisi Kemal Qilichdarog‘ludir. So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, u va Erdo‘g‘onning g‘alaba qozonish imkoniyatlari taxminan teng.