“Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish har yili noyabr–dekabr oylarida o‘tkaziladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jalol Arashov ma’lum qildi:
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar 2023 yildan boshlab jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.
Har yili 1 noyabrga qadar davlat byudjetining tasdiqlangan ko‘rsatkichlari asosida, hududlar bo‘yicha yo‘naltiriladigan kapital qo‘yilmalar tuman va shaharlardagi aholi va mahallalar soniga nisbatan teng ulushlarda, lekin 8 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan holda ajratiladi.
Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayonlari uchta bosqichda tashkil etiladi:
● 1-bosqichda — portalda loyihalar to‘plami shakllantiriladi;
● 2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar to‘plami saralab olinadi;
● 3-bosqichda — saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar to‘plamlariga ovoz beriladi.