Qo‘shma Shtatlarning Janubiy Afrikadagi elchisi Ruben Brijeti mahalliy hukumatni Ukrainaga qarshi urushda betaraflik e’lon qilganiga qaramay, Rossiyaga qurol va o‘q-dori yetkazib berishda aybladi.
Bu haqda elchi 11 may kuni Pretoriya shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Janubiy Afrikani Rossiyaga qurol yetkazib berishda ishtirok etganiga ishonch hosil qilish uchun yetarli asoslarga ega. Garchi bu davlat Rossiya-Ukraina mojarosida betarafligini oshkora e’lon qilgan bo‘lsa ham.
«Biz payqagan narsalar qatorida Rossiyaning Lady R yuk kemasi ham bor. U 2022 yil 6-8 dekabr kunlari Saymonstaun shahri portida bo‘lgan. Rossiyaga qaytgach esa qurol va o‘q-dorilarni tushirgan», dedi elchi.
Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramaposa mamlakat parlamenti yig‘ilishida elchining bayonotlariga keyinroq javob berishini aytdi.
«Bu masala o‘rganilmoqda, vaqt o‘tishi bilan bu haqda gaplashishimiz mumkin bo‘ladi», deb javob berdi u muxolifat vakilining savoliga.
AQSh razvedkasining qurol-yarog‘ yetkazish bo‘yicha ma’lumotlarini qanchalik to‘g‘ri deb hisoblash mumkinligi haqidagi savolga Brijeti o‘z hayoti bilan qasam ichishga tayyorligini aytdi. AQSh Davlat departamenti bu da’volarga hali hech narsa qo‘shimcha qilmadi.
Shuningdek, elchi matbuot anjumanida amerikaliklar Janubiy Afrika hukumatiga Ukraina bosqinining 1 yilligi munosabati bilan Rossiya va Xitoy qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etishi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirganini aytdi.
Avvalroq Janubiy Afrika BMT assambleyasida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi qoralagan rezolyusiyaga ovoz berishda betaraf qoldi. Shuningdek, Janubiy Afrika G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilishdan bosh tortdi.