Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda IIB xodimi qo‘li kishanlangan fuqaroni qiynab, uni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Xabarda holat shifoxonada sodir bo‘lgani aytiladi. Surxondaryo viloyati IIB holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2023 yilning 6 maydan 7 may kuniga o‘tar kechasi soat 01:10 larda Muzrabot tumani “Shaffof” mahallasida yashovchi S.S. ismli ayol tuman IIB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, yashash uyiga notanish shaxs kelib ko‘p marta eshigini tepib janjal qilayotganligi haqida murojaat qilgan.
Shu kuni tungi xizmatga jalb qilingan Muzrabot tumani IIB xodimi M.A. chaqirilgan manzilga borganda fuqaro U.P. kuchli alkogol mastlik holatida bo‘lgan. IIB xodimi fuqaroni qonuniy talabni bajarmagani uchun Muzrabot tumani Tibbiyot markazida tashkil etilgan Alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktiga olib borgan. Ammo, u Tibbiyot birlashmasida ham davolanayotgan bemorlarning tinchligini buzib, qonuniy talablarga bo‘ysunmasdan, qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlashda davom etgan.
“Shundan so‘ng, U.P.ni tinchlantirish maqsadida IIB xodimi qat’iy harakat qilgan. Xodimning harakatlari yuzasidan hozirda Surxondaryo viloyat IIB mas’ullari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligini ma’lum qilamiz”, - deyiladi xabarda.