Jizzax viloyati Baxmal tumanida bedarak yo‘qolgan olti yoshli bola kanaldan o‘lik holda topildi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Unga ko‘ra, 3 may kuni Jizzax viloyati Baxmal tumani Navro‘z qishlog‘ida yashovchi 6 yoshli bolaning yo‘qolgani haqida xabarlar tarqalgan. Uning oila a’zolari oradan ikki kun o‘tgach jasadini kanaldan topdi. Bolakayning otasi voqea haqida gapirib, o‘lim sababidan shubhalanayotganini qayd etdi.
“Kanaldan tapochkasi topildi, suvga tushgan degan xayol bilan suvni izladik. 5 may kuni soat 14:10 da o‘g‘limning tanasi suvdan o‘lik holda topildi. Tanasini ko‘rganimda uni 40 soat davomida suvda qolgan tanaga o‘xshamadi. O‘limining sababi suvda cho‘kish, deyilyapti. O‘zi cho‘kkanmi yoki cho‘ktirilganmi, bu ham noma’lum. Yashash uyimizdan ikki kilometr uzoqlikdan topilgan. Ustida futbolkasi bor edi uydan chiqib ketganida. Lekin topganimizda futbolkasi topilmadi. Tanasida ortiqcha shilinish-tirnalishlar yo‘q. Yo‘qolgan payt ko‘chada odam gavjum bo‘lgan. Lekin uni daryoga borganini ko‘rgan odam yo‘q. Tegishli tashkilotlar nazoratini yanada kuchaytirishini so‘rayman”, — deydi marhumning otasi.
Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.