Belarusga yadro kallaklarining birinchi partiyasi yetkazildi, ular mamlakat hududiga joylashtirilishi rejalashtirilgan, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
«Biz taktik qurollarning bir qismini Belarus hududiga yuboramiz. Birinchi yadro zaryadlari allaqachon Belarus hududiga yetkazilgan. Bu ishni yoz oxirigacha yakunlaymiz. Bu tiyib turish elementi», dedi Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida.
Shuningdek, u Rossiyada hali yadro qurolidan foydalanish zarurati yo‘qligini, ammo rasmiylar ularning sonini kamaytirmasligini aytdi:
«Yadro qurollari bizning xavfsizligimiz va Rossiya davlatining mavjudligini ta’minlash uchun yaratilgan. Bizda, birinchidan, uni ishlatish ehtiyoji yo‘q, ikkinchidan, bu mavzu bo‘yicha fikr yuritishning o‘zi allaqachon quroldan foydalanish chegarasini pasaytirish imkoniyatini yaratadi. Bizda bunday qurollar NATO mamlakatlariga qaraganda ko‘proq. Ular bu haqda biladi va har doim bizni qisqartirishlar bo‘yicha muzokaralarni boshlashga undaydi. Hech vaqoga erisholmaydilar!», dedi Rossiya prezidenti.
Mart oyida Vladimir Putin Belarusda taktik yadroviy qurollarni saqlash ombori qurilishi haqida xabar bergan edi.
25 may kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya yadro qurollari mamlakatga yetkazila boshlagani haqida e’lon qildi.