Prezidentning “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Unda “Hunarmand” uyushmasining ustuvor vazifasi – hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolishi belgilangan.
Hujjatga binoan, 2025 yil 1 yanvarga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizasiya qilishdan tushgan tushumning 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi hamda tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘larning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta nomlandi. 2023 yil 15 iyundan boshlab hunarmandchilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
hunarmandchilik faoliyatining yo‘nalishlari ro‘yxati;
hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiyalar ro‘yxati;
2023–2024 yillarda hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, festivallar va xalqaro konferensiyalar ro‘yxati.
2023 yil 1 iyuldan boshlab hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kur’erlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan hunarmandchilik mahsulotlarini realizasiya qilish uchun faqat Milliy katalog va Reestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi.
2024 yil 1 martga qadar “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda 0,3 gektar yer uchastkasida namoyish zali, “Usta-shogird” maktabi va ustaxonani o‘z ichiga olgan Hunarmandlar maskani barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bunda har bir hunarmandga 100 kvadrat metrgacha bo‘lgan joylar ijaraga beriladi.