O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev ishdan olindi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, uning ishdan olinishi «investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani» oqibatida ro‘y berdi.
«Bundan to‘rt yil avval «Toshkent-Samarqand», «Toshkent-Andijon» pullik yo‘llari va Taxtaqoracha dovonida pullik tonnel qurish topshiriqlari berilgan. Lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan», deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Abdurahmon Abdulhayevich Abduvaliyev 1956 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1978 yilda Toshkent avtomobil transporti va yo‘llari institutini tamomlagan.
Abdurahmon Abduvaliyev uzoq yillardan buyon uzluksiz ravishda O‘zbekistonning bosh yo‘lsozi bo‘lib kelayotgandi.
U sohadagi faoliyatini 1978 yilda qurilish va avtomobil yo‘llaridan foydalanish ministrligi 2-sonli Yo‘l qurilish boshqarmasida ustachilikdan boshlagan va boshqarma boshlig‘i darajasigacha ko‘tarilgan.
1991-1994 yillarda O‘zbekiston avtomobil transporti ministrligi «O‘zneftetrans» respublika boshqarmasi boshlig‘i, 1994-2001 yillarda «O‘zavtotrans» davlat aksionerlik koorporatsiyasi «O‘zavtotransta’minot» ishlab chiqarish konserni boshqaruvi raisi, 2001 yilda «O‘ztranssanoat» Respublika avtotransport sanoat korxonalari uyushmasi boshqaruvi raisi bo‘lgan.
2001 yildan O‘zbekiston yo‘l sohasiga rahbarlik qilib kelgan - 2001-2013 yillarda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i, 2013-2017 yillarda «O‘zavtoyo‘l» DAK boshqaruvi raisi, 2017-2019 yillarda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi, 2019 yildan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi.