DataLife Engine / Qozog‘istonda o‘smir kana chaqishi oqibatida vafot etdi

Qozog‘istonda o‘smir kana chaqishi oqibatida vafot etdi

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida yashovchi o‘smir kana chaqishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Orda.kz” xabar berdi.

Iyun oyida 15 yoshli bolakay hasharot chaqqanidan keyin Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallangan. Sog‘lig‘i yomon bo‘lishiga qaramay, o‘smir va uning ota-onasi uzoq vaqt davomida shifokorlarga murojaat qilmagan. Ular kasalxonaga borishga qaror qilganda allaqachon kech bo‘lgan — o‘smir vafot etgan.

Turkiston viloyati sanitar shifokorlarining ma’lum qilishicha, yoz boshidan buyon 985 nafar fuqaro kana chaqishi shikoyati bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Barcha jabrlanganlar kuzatuvga olingan, kanalar tekshirilgan. Hozirgacha Qozog‘istonda 48 nafar bemorda xavfli isitma borligi gumon qilinmoqda.

“To‘qqiz kishiga tashxis qo‘yilgan. Sauran viloyatida ikki kishi kasallangan, 7 ta viloyatda bittadan kasallanish holati aniqlangan”, — deydi viloyat Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtioraz Yelemesov.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Turkiston viloyatida chorvachilik yuqori darajada rivojlangani tufayli Kongo-Qrim gemorragik isitmasi tabiiy o‘choqqa aylangan. Xavfli virus odam tanasiga kana chaqishi yoki kasallangan hayvon va odamlarning ochiq yarasi bilan aloqa qilish orqali kiradi.
11-07-2023, 22:39
Вернуться назад