Hukumatparast Rossiya ommaviy axborot vositalari endi Vladimir Putin davrida tug‘ilish inqirozini yorita olmaydi, deb xabar bermoqda Zamon.uz. Nashrga yaqin manbalarning fikricha, hatto ”Rosstat“ statistikasini ham salbiy tarzda yoritish taqiqlangan.
Taqiq so‘nggi oyda ayniqsa qattiqlashdi, deydi manbalardan biri — masalan, tug‘ilish darajasini qattiqroq senzura qilish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar olingan. Cheklov haqidagi qaror Putin va sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoning 12 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng qabul qilingan. Shundan so‘ng, Murashko ayollar huquqlarini cheklash haqida bir qator bayonotlar berdi: u tibbiy ”abort” uchun dori-darmonlarni sotishni cheklashni talab qildi va dorixonalar va shifoxonalarda ular ustidan nazoratni kuchaytirishni hamda xususiy klinikalarda ”abort”ni taqiqlashga tayyorligini e’lon qildi.
Bundan tashqari, Murashko ta’lim olish va shaxsiy rivojlanish istagida bo‘lgan, lekin farzand ko‘rmaydigan ayollarni tanqid qildi.
Nashrning qayd etishicha, urush va safarbarlik tufayli rossiyaliklar migrasiyasining sezilarli to‘lqini fonida, ”Rosstat” ham Putin davrida tug‘ilishning eng past darajaga tushib ketganini qayd etgan. Unga ko‘ra, hozirda tug‘ilishning nisbiy koeffisiyenti 2023 yilning birinchi yarmida 1000 kishiga 8,5 bolani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich faqat 1999 yilda pastroq bo‘lib, 1000 kishiga 8,3 bolaga tushgan.
Ushb qarorlar fonida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatni yo‘q bo‘lib ketishdan qutqarish uchun favqulodda choralar ko‘rishni taklif qildi. Xususan, ayollarning farzand ko‘rishning o‘rtacha yoshini qisqartirish, shuningdek, ”abort”ga cheklov qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
Biroq, boshqa mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ”abort”ni cheklash tug‘ilishga ta’sir qilmaydi — ayollar shunchaki o‘zlarini yaxshiroq himoya qila boshlaydilar yoki taqiqlarga qarshi yo‘llarni topadilar, deydi ekspertlar.