Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida mehnat ta’tilisiz ishlagani uchun 100 million so‘m kompensasiya puli undirib berildi. Bu haqda Uznews xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u 18 yil davomida qishloq vrachlik punktlarida va oilaviy poliklinikalarda shifokor bo‘lib ishlagan. Ammo, vrach yetishmovchiligi sabab mehnat ta’tili ololmagan.
Pensiya yoshida bo‘lsa ham hamon ishlayotgan shifokor yillar davomida mehnat ta’tili olmagani uchun kompensasiya berilishini so‘rab qilgan murojaati tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan qanoatlantirilmagan. Shundan so‘ng, u bu borada ko‘mak berilishini so‘rab, Chiroqchi tuman Adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
Adliya bo‘limi yordami bilan shifokorga 100 mln so‘m kompensasiya puli undirib berilgan.