DataLife Engine / 1 avgustdan O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi

1 avgustdan O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi

Ota-onalar farzandi ta’limi uchun to‘laydigan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi, Davlat organlari rahbarlari Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitiladi va yana boshqa bir qator o‘zgarishlar 1 avgustdan kuchga kiradi.

Ayrim tibbiyot muassasalarida quyidagi lavozimlar joriy etiladi

— tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida – tibbiy psixolog;
— stasionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – suisidolog;
— stasionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari. https://t.me/huquqiyaxborot/13937

Ota-onalar farzandi ta’limi uchun to‘laydigan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi

Qonunchilikka ko‘ra, soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’iy nazar farzandlarining O‘zbekiston ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlari soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.

“Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” ishga tushiriladi

Suv omborlarida ishlovchi mas’ul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish bo‘yicha har 2 yilda malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat organlari rahbarlari Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitiladi

Davlat organlarining birinchi rahbarlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.

Yoshlar uchun mikrokreditlar va subsidiyalar kartaga o‘tkazilishi mumkin

“Yoshlar daftari” va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini modernizasiya qilish boshlanadi

Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizasiya qilish ishlarini boshlanadi.

Ijtimoiy soha ob’ektlarida O‘zbekistonda 1 yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlar o‘rnatiladi.

Spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha talablar qo‘yiladi

Endilikda ishlab chiqaruvchilar Adliya vazirligi tomonidan alkogolli mahsulotlar tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lishi kerak.

IT-sohada band bo‘lgan davlat organlarining malakali xodimlariga ustama haq to‘lanadi

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining AKT sohasida xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan xodimlariga ish haqining 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

Tadbirkorlarning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi

11 avgustdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvarag‘idan pul mablag‘larini noqonuniy o‘tkazish yoki olib qo‘yish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
27-07-2023, 16:32
Вернуться назад