DataLife Engine / O‘zbekistonda qaysi soha xodimlari eng ko‘p oylik olmoqda?

O‘zbekistonda qaysi soha xodimlari eng ko‘p oylik olmoqda?

Statistika agentligi O‘zbekistonda o‘tgan yarim yil davomida nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, mamlakatda yanvar—iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 million so‘mni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 22 foizga o‘sgan.

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida (7 million so‘m), Navoiy viloyatida (5,7 million so‘m), Toshkent viloyatida (4,3 million so‘m), Andijon viloyatida (3,7 million so‘m) hamda Buxoro viloyatida (3,7 million so‘m) kuzatildi.

Agentlik hisob–kitoblariga ko‘ra, respublikada eng yuqori oylik olayotganlar moliya va sug‘urta sohasi xodimlari bo‘lib, ularga o‘rtacha 12,4 million so‘m oylik to‘langan. Keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa (9,5 million so‘m), tashish va saqlash (6,4 million so‘m) va sanoat sohasi (5,4 million so‘m) xodimlarining oyliklari o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan.


Ta’lim (3 million so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (2,8 million so‘m) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog‘onalarda ekanligini ko‘rish mumkin. Tahlillarga qaraganda, bundan 4 yil ilgari (2019 yilda) ta’lim sohasidagilar o‘rtacha 1,7 million so‘m, sog‘liqni saqlash mutaxassislari 1,4 million so‘m oylik olgan.

2023 yil yanvar—iyun oylari uchun o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’ektlari hisobga olinmagan, chunki fermer xo‘jaliklari hamda kichik tadbirkorlik sub’ektlari yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Nominal hisoblangan ish haqi – ma’lum bir davr (soat, oy, yil) mobaynida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat) evaziga ish beruvchilar tomonidan, amaldagi qonun hujjatlariga asoslangan holda soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oluvchi yollanma xodimning mehnatiga haq to‘lash tarzida jismoniy shaxsga pul shaklida hisoblangan daromadlardan iborat.
30-07-2023, 10:55
Вернуться назад