DataLife Engine / Quloqdagi shovqin paydo bo‘lishining sababi nima?

Quloqdagi shovqin paydo bo‘lishining sababi nima?

Quloqdagi shovqin tibbiyotda tinnitus deb ataladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 5-8 foizi mazkur xastalik bilan yashaydi.

Kasallik, odatda, keksalarga xos. 55-65 yoshdagi kishilarning har besh nafaridan biri o‘zida quloq shang‘illashi holatlari kuzatilib turishini aytadi.

Bu muammo yoshlarda ham uchrab turibdi. Bu shovqinli joylarga tashrif buyurish, shuningdek, quloqchinlarda baland ovozda musiqa tinglash bilan bog‘liq.

Quloqlarda shovqin bo‘lishi bolalarda kamdan-kam uchraydi. Tug‘ma karligi bo‘lgan odamlarni esa bu masala umuman qiynamaydi.

Ushbu xastalikka chalingan bemorlarning 85 foizi 250 – 8000 Hz tebranish oralig‘idagi tovushlarni eshitish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi tasdiqlangan.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, quloqlardagi shovqin ko‘proq erkaklarda, ortiqcha vazni bor kishilar, shuningdek, yuqori qon bosimi, qandli diabet, dislipidemiya xastaliklari bo‘lgan bemorlarda ko‘proq uchraydi.

Tinnitusning — arterial gipertenziya, bo‘yin osteoxondrozi, otit, sensonevral eshitish zaifligi, qon tomirlari aterosklerozi, stress, endokrin kasalliklar, eshitish nervlarining nevrinomasi, tarqoq skleroz singari bir necha omillar ta’sirida faollashishi isbotlangan.

Bundan tashqari, ba’zi dorilarni qabul qilish, yaqin masofada kuchli pirotexnikaning portlashi, konsertlardagi o‘ta baland tovush ta’siridagi barotravma va akustik jarohatlar ham quloq shang‘illashiga sabab bo‘ladi.

Tinnitusdan aziyat chekuvchi bemorlar quloqdagi shovqin uyquga ketishdan oldin, atrofda jimjitlik paydo bo‘lganda nihoyatda aniq eshitilishini ta’kidlashadi. Diqqatni shovqinga qaratish uyqusizlikka olib kelishi mumkin.

Agar xastalik rivojlanishda davom etsa, quloq shang‘illashi kunduzi, shovqinli muhitda ham bezovta qila boshlaydi.

Bemor bu tovushga tobora ko‘proq diqqat qaratishi natijasida uning psixoemosional ta’sirchanligi ortadi. Kayfiyati yomonlashib, depressiv reaksiyalar rivojlanishi mumkin. Tinnitus kasalligi kuzatilganda, avvalo, uning sababini aniqlashga yordam beradigan tekshiruvlar o‘tkazilishi zarur.

Quyidagi oddiy tavsiyalarga rioya qilib, o‘zingizni tinnitusdan himoya qilishingiz mumkin:

- Quloqchinlarda musiqa tinglasangiz, ovozning juda baland emasligiga e’tibor bering. Metroda musiqa eshitmaslikka harakat qiling. Chunki poyezd tovushi va quloqchindan chiqayotgan ovoz eshitish analizatorining ortiqcha zo‘riqishiga olib keladi.
- Ish faoliyatingiz baland shovqinlar bilan bog‘liq bo‘lsa, quloq tiqinlaridan foydalanishni unutmang.
- Kofein va spirtli ichimliklardan saqlaning. Ular quloqda shovqin kuchayishiga olib keladi.
- Stressli vaziyatlardan qoching. Kuniga me’yor darajasida – yetti-sakkiz soat uxlayotganingizga ishonch hosil qiling.
31-07-2023, 07:21
Вернуться назад