DataLife Engine / Xorazmda 16 ta zamonaviy chiqindi yig‘ish mashinalari topshirildi

Xorazmda 16 ta zamonaviy chiqindi yig‘ish mashinalari topshirildi

Xorazmda chiqindi yig‘uvchi zamonaviy texnika vositalari soni oshdi. “Urganch Avto Eko Trans” MCHJga lizing asosida 16 ta "Isuzu" chiqindi yig‘ish mashinalari topshirildi.

Bu o‘z navbatida Urganch shahri va Urganch tumanida chiqindilarni olib ketish qamrovini oshiradi hamda aholiga sifatli xizmat ko’rsatishni ta’minlaydi.

Ta’kidlash joizki, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi "Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish" loyihasi doirasida 300 dona "Isuzu" rusumli chiqindi yig’uvchi maxsus texnikalar xarid qilingan. Ushbu texnikalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan hududlardagi sanitar korxonalariga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda.

Shuningdek, maxsus texnikalar bir yillik imtiyozli davrga ega bo’lib, qo’shimcha qiymat solig’idan ozod etilgan. Bu o’z o’rnida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilashga, qamrov darajasini (4 mln kishiga) oshirishga hamda chiqindilarni o’z vaqtida olib chiqib ketishga yordam beradi.

Ma’lumot uchun, sanitar tozalash korxonalariga yengillik yaratish maqsadida ular tomonidan boshlang’ich badal shakllantirishda qiyinchilik tug’ilganda, uning o’rniga qonunchilikda belgilangan tartibda ta’minot turlaridan biri yoki bir nechtasini taqdim etish imkoniyati ham berilmoqda.

Qayd etish kerakki, maxsus texnikalar Yaponiyaning "Isuzu" brendi ostida Samarqand avtomobil zavodida yig’ilgan bo’lib, ularning sifat darajasi Yevropa standartlariga to’la javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat ko’rsatishga mo’ljallangan.

Hozirda chiqindi tashuvchi maxsus texnikalar Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlariga yetkazib berildi. Qolgan viloyatlarga topshirish ishlari ham olib borilmoqda.
30-08-2023, 15:38
Вернуться назад