DataLife Engine / Shaxs kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinmi?

Shaxs kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinmi?

Ma’lumki, inson ruhiy va surunkali kasalligi, ruhiy holati vaqtinchalik buzilgani, yoki aqli zaifligi sabab ham jinoyatga qo‘l uradi. Bu holatda qilingan jinoyat uchun qonunchilikda qanday hukm chiqariladi?

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada UzAga batafsil
ma’lumot berdi.

–O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 67-moddasiga ko‘ra, agar jinoyat sodir etgan shaxsda hukm chiqarilguniga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatning buzilishi yuzaga kelgan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi. Bunday shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi mumkin.

Bunday shaxs, ushbu kodeksning 64-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tmasdan tuzalsa, javobgarlikka tortiladi. Bunday holda, javobgarlikka tortish muddatlari sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan kundan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksi 84-moddasining uchinchi qismiga asosan, jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining o‘z harakatlari ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan darajada buzilishi yuzaga kelgan shaxs to‘g‘risidagi jinoyat ishi ushbu kodeksning 61-bobida belgilangan tartibda, aybdorlik haqidagi masala hal qilinmasdan tugatiladi.

–Shaxs kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilinishi mumkinmi?

–O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 75-moddasiga asosan hukm chiqarilganidan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxs, shuningdek jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan sud tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llashi mumkin.

Bunday shaxslar tuzalganidan keyin, ushbu kodeksning 69-moddasida nazarda tutilgan va sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan kundan boshlab, hisoblanadigan muddatlar o‘tib ketmagan bo‘lsa, jazo ijro etiladi.

Intizomiy qismga jo‘natish yoxud xizmat bo‘yicha cheklash jazosiga hukm qilingan harbiy xizmatchilar, ularning sog‘lig‘i harbiy xizmat uchun yaroqsiz deb topilgan bo‘lsa, jazoni o‘tashdan ozod qilinadilar. Xizmat bo‘yicha cheklash jazosiga hukm qilingan harbiy xizmatchi ayollar ularga homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilishi munosabati bilan ham jazoni o‘tashdan ozod qilinadilar.

Majburiy jamoat ishlariga yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar jazoni o‘tash vaqtida mehnatga yaroqsiz bo‘lib qolsalar yoxud pensiya yoshiga yetgan bo‘lsalar, shuningdek ayollar bu turdagi jazoni o‘tayotgan vaqtda homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqsalar, jazoni o‘tashdan ozod qilinadilar.
4-09-2023, 15:11
Вернуться назад