Norin tumanida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan Prezident maktabi foydalanishga topshirildi
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Prezident maktabi pedagoglari va o‘quvchilari, nuroniylar va o‘quvchilarning ota onalari ishtirok etdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Akramjon Abduxamidov ishtirok etib, so‘nggi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar chuqur bilimga ega, har taraflama barkamol yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.
Xorijnikidan qolishmaydigan barcha zamonaviy sharoitlarga ega ixtisoslashtirilgan maktablar ham eng iqtidorli va bilimga chanqoq o‘g‘il-qizlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochgani qayd etildi.
Tumanda qad rostlagan muhtasham taʼlim muassasasi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan bo‘lib, 570 o‘ringa mo‘ljallangan.
2022-2023-o‘quv yilida 5-11-sinflar doirasida jami 23 ta sinflarda 540 nafar o‘quvchilar taʼlim-tarbiya olmoqdalar. O‘quvchilarning fan sirlarini mukammal egallashi uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Tantanali marosim yakunida ishtirokchilar ixtisoslashtirilgan maktabida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.