Samarqand davlat universitetining (SamDU) Qattaqo‘rg‘on shahridagi filialida faollar zali shift plitasi qulab tushdi. Holat yuzasidan universitet matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Xabarda yozilishicha, 4-sentabr kuni soat 9:28 da binoning faollar zali tomidan, sahna qismining o‘ng burchagidan 1 dona plita talabalar va o‘qituvchi bo‘lmagan joyga tushib ketgan.
“Natijada 2 nafar 1-kurs talabasi plita bo‘laklarining tegishi natijasida yengil tan jarohati olgan”, - deyiladi xabarda.
Talabalar Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va ularga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozir ularning umumiy ahvoli yaxshi.
SamDU Kattaqo‘rg‘on filialining o‘quv binosi sobiq Samarqand davlat instituti akademik litseyi binosi uchun qurilgan bo‘lib, 2008-yilda foydalanishga topshirilgan.
2008-2018 yillarda SamDChTI qoshidagi akademik litsey sifatida, 2019-2021 yillar davomida Kattaqo‘rg‘on shahar 7-maktabi faoliyat olib borgan.
2021 yilda SamDU Katttaqo‘rg‘on filiali tashkil etilishi munosabati bilan mazkur bino filial balansiga o‘tkazilgan.