Hukumat qarori (444-son, 04.09.2023 y.) bilan “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Qarorga ko‘ra, ko‘krak nishon bilan quyidagilar taqdirlanadi:
— mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini umummilliy harakatga aylantirishga munosib hissa qo‘shgan barcha darajadagi idora va tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari;
— jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirib, uni o‘z jamoasi va aholi orasida targ‘ib qilishda alohida namuna bo‘layotgan shaxslar va sport murabbiylari;
— zararli odatlarning oldini olish, bartaraf etish, ularga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishgan va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda faollik ko‘rsatgan fuqarolar;
— aholiniig sog‘lom ovqatlanishini yo‘lga qo‘yish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratgan shaxslar;
— hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, atrof-muhit toza va ozodaligini ta’minlash, aholida sanitariya-gigiyenik ko‘nikmalarni hosil qilish va mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini olishga erishgan mutaxassislar;
— surunkali kasalliklar profilaktikasida xavf omillarini bartaraf etish va turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirishga undaydigan dolzarb materiallar tayyorlagan OAV vakillari;
— profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga va bu yo‘nalishda malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan tibbiyot sohasi xodimlari va boshqa mutaxassislar.
Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekistan fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ko‘krak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida tantanali topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida (1 mln 320 ming so‘m) bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.