Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiyada ish haqini ololmayotgan 131 nafar o‘zbekistonlikka oylik maoshi undirib berilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiyada ishlayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining mazkur davlatdagi vakolatxonasi huzuridagi Mehnat migrantlarining murojaatlari bilan ishlash va huquqiy qo‘llab-quvvatlash markaziga oylik maoshini undirib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur murojaat ishi doirasida Markaz mas’ul xodimlari tomonidan ish beruvchi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida “SMU-161” qurilish korxonasidan 131 nafar fuqaroning 11 million 517 ming rubl (120 ming AQSh dollari) miqdoridagi oylik maoshlari to‘liq undirilib berilgan.
Bundan avval Janubiy Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning 148 ming dollar puli undirib berilgandi.