DataLife Engine / Dunyodagi eng tez o‘sayotgan valyutalardan biri

Dunyodagi eng tez o‘sayotgan valyutalardan biri

Afg‘oniston milliy valyutasi «afg‘oniy» kutilmaganda dunyodagi eng tez o‘sayotgan valyutalardan biri bo‘lib chiqdi, deb ma’lum qildi Bloomberg.

Yil boshidan buyon u qariyb 14 foizga oshgan, buning natijasida afg‘onistonliklar o‘sish sur’atlari bo‘yicha Kolumbiya va Shri-Lanka valyutalari bilan bir qatorda yuqori uchlikka kirgan.

Joriy chorakda dunyoning eng qashshoq davlatlaridan birining milliy valyutasi 9 foizga qimmatlashdi va Kolumbiya pesosining 3 foizlik o‘sishini ortda qoldirdi.

Ikki yil avval «Tolibon» harakati hokimiyat tepasiga kelgan Afg‘oniston milliy valyutasi kursining o‘sishiga milliardlab dollarlik gumanitar yordam va osiyolik qo‘shnilar bilan o‘sib borayotgan savdo aloqalari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shuningdek, «Tolibon» mamlakat ichida dollar va Pokiston rupiysidagi moliyaviy operasiyalarni taqiqlashi va Amerika valyutasini Afg‘onistondan tashqariga olib chiqishga cheklovlari ham bunga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xorijiy valyuta savdosi hozir sarrof deb ataladigan qora bozordagi valyutafurushlar orqali amalga oshiriladi. Ular bozorlarda savdo rastalari o‘rnatadi yoki shahar va qishloqlardagi do‘konlarda ishlaydi. Kobuldagi ochiq bozor mamlakatning amaldagi moliyaviy markazi bo‘lib, har kuni sarroflar qo‘lidan o‘nlab million dollar ekvivalentidagi mablag‘ o‘tadi.

Mutaxassislarning fikricha, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi beqaror vaziyat tez orada afg‘oniy kursi o‘sishining to‘xtab qolishiga olib keladi.
27-09-2023, 08:22
Вернуться назад