Do‘smatov 5 noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomida Janubiy Afrika Respublikasi vakili Sifamandla Baleniga qarshi ringga ko‘tariladi.
O‘tgan hafta Hasanboy Do‘smatov Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan edi.
Charm qo‘lqop ustamiz endi bor e’tiborini professional ringdagi faoliyatiga qaratadi. Andijonlik Olimpiada va jahon chempionining navbatdagi raqibi, jang sanasi va manzili rasman ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Do‘smatov 5 noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomida Janubiy Afrika Respublikasi vakili Sifamandla Baleniga qarshi ringga ko‘tariladi. Hozirgi holat bo‘yicha ushbu jang oqshomning markaziy to‘qnashuvi sifatida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, "O‘yinchoq" laqabi bilan tanilgan Baleni faoliyati davomida 21 g‘alaba (8 nokaut), 5 mag‘lubiyat va 2 durang qayd etgan. U shu yilning 4 sentyabr kuni IBO World Minimum kamari uchun o‘tkazgan 12 raundlik jangida Mzamo Maxifeniga ochkolar hisobiga ko‘ra yutqazib qo‘ygandi. Hasanboy Do‘smatov esa 5 ta jangining barida zafar quchgan. Do‘smatov - Baleni jangi 10 raund etib belgilangan.