DataLife Engine / Shavkat Mirziyoyev Erdog‘anga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Erdog‘anga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika e’lon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga tabrik yo‘lladi.

Maktubda xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiy til, mushtarak urf-odatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari so‘nggi yillarda sifat jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarilib, munosabatlarimizdagi yangi tarixiy davrni boshlab bergani katta mamnuniyat bilan ta’kidlangan.

"Nasib etsa, Siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini ta’minlash yo‘lida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni to‘liq amalga oshiramiz hamda ko‘zlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz", - deyiladi jumladan qutlovda.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisi va oila a’zolariga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor bo‘lishini tiladi.
29-10-2023, 14:29
Вернуться назад