Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari fintex (moliyaviy texnologiyalar) bozorining asosiy yo‘nalishi sifatida sun’iy intellektning rivojlanish tendensiyasini tahlil qildi.
Britaniyaning Collins ingliz tili lug‘ati "AI"ni 2023-yilning so‘zi sifatida tan oldi. AI - "sun’iy intellekt" ning qisqartirilgan nomi (inson miyasi funksiyalarini kompyuter yordamida simulyasiya qilish).
Fintexdagi sun’iy intellekt bozori hajmi 2023-yilda 42,8 milliard dollarga teng bo‘ladi, deb baholanmoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2028-yilga borib, 49,4 milliard dollarga, 2031-yilga borib esa 61,3 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha dunyodagi bugungi jarayon:
▪️ mijozlar to‘g‘risida katta hajmdagi ma’lumotlarini qayta ishlash;
▪️ veb va mobil ilovalarda, mijozlarning real vaqt tartibida xatti-harakatlarga oid ma’lumotlar asosidagi mahsulotlarga moyilligini oldindan bilish;
▪️ chat-botlarda, bazaviy xizmatlarni avtomatlashgan tizim orqali ko‘rsatish.
O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastur va tajriba loyihalari ro‘yxati qabul qilingan. Unda quyidagilarga alohida e’tibor qaratilgan:
➖ bank sohasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish;
➖ moliyaviy sohada byudjet xarajatlari, nafaqalar, ijtimoiy va sug‘urta to‘lovlari, shuningdek, boshqa to‘lovlar samaradorligini tahlil qilish;
➖ soliq sohasida soliq tushumlarini tahlil qilish;
➖ elektron hukumat sohasida hukumat va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda foydalanuvchilarni masofaviy biometrik identifikasiya qilish va boshqalar.
Sun’iy intellektdan foydalangan holda raqamli xizmatlarning yangi turlarini rivojlantirish imkoniyatlari:
1. Mahalliy tilda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash. Mijozlarga samarali yordam ko‘rsatish uchun sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan chat-botlar va virtual yordamchilar o‘zbek tiliga o‘tkazilishi mumkin.
2. Kredit ajratishda katta ma’lumotlarni (Big Data) tahlil qilish. Sun’iy intellekt kichik va o‘rtacha kattalikdagi korxonalarning kreditga layoqatliligini baholash va kredit bo‘yicha qarorlarni qabul qilishda yordam berish uchun keng ko‘lamli ma’lumotlarni tahlil qilishi mumkin.
3. Sun’iy intellekt fermerlarga moslashtirilgan moliyaviy mahsulotlarni taqdim etishda yordam beradi. Masalan, ekinlar hosildorligini baholash va sug‘urta yoki kredit mahsulotlarini taqdim etishda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ob-havo ma’lumotlaridan foydalanish mumkin.
4. Normativ muvofiqlik. Sun’iy intellekt muvofiqlik vazifalarini avtomatlashtirishda yordam beradi va moliyaviy institutlar tartibga solish talablariga muvofiqligini ta’minlaydi.
5. Moliyaviy sektorning boshqa yo‘nalishlari (sug‘urta, nafaqa jamg‘armalari, qimmatli qog‘ozlar bozori va boshqalar) da sun’iy intellektdan foydalanish samaradorlikni oshiradi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan risklarni (risklarni boshqarish) kamaytiradi.