DataLife Engine / Veterinariya xizmatlarini xususiylashtirish kerakmi?

Veterinariya xizmatlarini xususiylashtirish kerakmi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari veterinariya xizmatlarini xususiylashtirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rgandi va O‘zbekistondagi holatni tahlil qildi.

Rivojlangan mamlakatlarda veterinariya xizmatlari "iste’molchi to‘laydi" qoidasi bo‘yicha xususiy asosda ko‘rsatiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar ham asta-sekin asosan davlat tasarrufidagi veterinariya xizmatlaridan voz kechib, ularni markazlashtirmaslik va xususiylashtirishga o‘tmoqda.

Yangi Zelandiya veterinariya faoliyatini "e’tirozsiz" va "e’tirozli" qismlarga ajratadi. Bunda hukumat tartibga solish va ba’zi xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi, klinik va profilaktik veterinariya xizmatlari esa xususiy asosda ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, mamlakatning xususiy veterinariya shifokorlari soni kam bo‘lgan hududlarida chorvadorlarning o‘zlari para-veterinarning bir qator vazifalarini bajaradi.

Keniya veterinariya uyushmasi xususiy klinikalarni ochish uchun kreditlar ajratdi. Garchi birinchi bosqich muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsada, ikkinchi bosqichda kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi. Bundan tashqari, para-veterinarlarga motosikl sotib olish uchun kreditlashning maxsus sxemasi taklif qilindi.

O‘zbekistonda chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish uchun respublikada mavjud chorva mollarining sifatini yaxshilash zarur. Bunga erishish yo‘llaridan biri veterinariya xizmatini rivojlantirishdir.

2017-2022 yillarda respublikada ko‘rsatilgan veterinariya xizmatlari hajmi 2,9 barobar, jumladan, davlat veterinariya xizmati tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 1,7 barobar, xususiy veterinariya shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 5,5 barobar oshdi.

Respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan veterinariya xizmatlarining umumiy hajmida xususiy veterinariya shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar ulushi 2017-yildagi 28,9 foizdan 2022-yilda 56,3 foizgacha oshdi.

Veterinariya xizmatlarini xususiylashtirish jarayonini faollashtirish bo‘yicha tavsiyalar:

➖ veterinariya xizmatlari auditini o‘tkazish va xususiy sektor javobgarligi ostiga o‘tkazilishi yoki DXSh tamoyili bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan xizmatlarni aniqlash;

➖ veterinariya xodimlarini tayyorlashni yaxshilash, asosiy e’tiborni amaliyotga ko‘proq vaqt ajratishga qaratish;

➖ qishloq joylarda mayda chorvadorlar va ish bilan band bo‘lmagan yoshlar uchun para-veterinariya xizmati ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv kurslari va treninglar o‘tkazish orqali para-veterinariya mutaxassislarini tayyorlash;

➖ veterinariya qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish va uni veterinariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha JST talablari va tamoyillariga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiq.
3-11-2023, 18:59
Вернуться назад