G‘azo sektorida "Chegara bilmas shifokorlar" xalqaro gumanitar tashkiloti xodimi bir necha oila a’zolari bilan birga halok bo‘ldi, deya xabar beradi uning hamkasblari.
Tashkilot bayonotida aytilishicha, Muhammad Al Axel Shati qochqinlar lageridagi uyida hudud bombardimon qilinishi va binoning qulashi oqibatida halok bo‘lgan.
"G‘azoda hech bir joy shafqatsiz bombardimonlardan panada emasligi aniq. Zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi takroriy chaqiriqlarimiz javobsiz qoldi, biroq biz yana G‘azoda boshqa begunoh o‘limlarning oldini olish va tegishli gumanitar yordamning hududga yetib borishini ta’minlashning yagona yo‘li ekanligini ta’kidlaymiz", — deyiladi tashkilot bayonotida.
BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi HAMAS nazoratidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda, urush boshlanganidan beri 192 tibbiyot xodimi qurbon bo‘lganini xabar qildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 16 nafar tibbiyot xodimi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan.