Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar G‘.A. va M.P. fuqaro A.X.ga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi Oliy ta’lim muassasasida o‘qiganligi to‘g‘risida hujjat tayyorlab berib, keyinchalik Qashqadaryo viloyatidagi Axborot texnologiyalari va menejment universitetining 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishlari evaziga 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar G.V. va boshqalar fuqaro M.O.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Marg‘ilon shahridagi 1-sonli tibbiyot texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yishlari evaziga 500 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.