DataLife Engine / Namanganda xalqaro zotdor hayvonlar va parrandalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Namanganda xalqaro zotdor hayvonlar va parrandalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Keyingi yillarda Namangan Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng tanitish, yurtimiz turizm imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiluvchi markazlardan biriga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari boshchiligida turizmni rivojlantirishga oid o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida e’tirof etilganidek, Namangan viloyatida joriy yilning o‘zida ko‘plab madaniy, turizm, sport bo‘yicha xalqaro anjumanlar yuqori saviyada tashkil etildi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Yangi Namangan tumanidagi “Yoshlik baraka” bozorida Farg‘ona vodiysida ilk bor Xalqaro zotdor hayvonlar va parrandalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Namanganda sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi festivallar soni ko‘payib borayotganligi, ushbu ko‘rgazmali tadbir ham chorvachilik va parrandachilik rivojida o‘zaro tajriba almashish, zotdor hayvonlar va parrandalarni ko‘paytirish barobarida sohaga ilmiy yondashuvni olib kirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sifatli go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbirga kelganlar ko‘rgazmadan o‘rin olgan 30 mingdan ziyod zotli hayvonlar va noyob parrandalarni ko‘zdan kechirdi. E’tiborlisi, nufuzli tadbirda yurtimizning turli hududlaridan 250 dan ortiq mahalliy va xorijiy tadbirkor 1000 dan ziyod chorva hayvoni hamda parrandalar bilan ishtirok etdi. Ularning orasida slatka zotli bahosi 80 ming dollarga teng noyob ot va 30 ming dollarga baholangan arashan zotli qo‘chqor ham bor.

Qolaversa, ko‘rgazmadan 250 kilodan yuqori tosh bosadigan zotdor qo‘ylar, otlar, tuyalar, buqalardan tortib, tuyaqush va noyob parrandalar o‘rin olgan. Ko‘rgazmaga qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston mamlakatlaridan tadbirkorlar ham tashrif buyurishdi. O‘zining zotli echkilarini olib kelgan Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Bolakay” fermer xo‘jaligining ishtiroki chorvadorlarning esida qoladigan bo‘ldi. Gap shundaki, 5-6 litr atrofida sut beradigan ushbu zotli echkilardan biri ko‘rgazma kuni egizakli bo‘ldi.

– Bugungi tadbir juda fayzli o‘tdi, qolaversa, biz uchun barakali bo‘ldi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Qudratulla Fayzullayev. – Avstriya davlatidan olib kelingan 6 ta zotli echki bilan ko‘rgazmada qatnashdik, ularning soni shu yerda 8 taga yetdi. Echkilardan birini Namanganga sovg‘a qilmoqchiman.

Ilk bor tashkil etilgan ko‘rgazmaning tantanali taqdirlash marosimida “Eng zotdor qo‘y”, “Eng zotdor novvos (buqa)”, “Eng zotdor ot” nominasiyalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilarga 1-o‘rin uchun 30 million, 2-o‘rin uchun 20 million, 3-o‘rin uchun 10 million so‘m pul mukofotlari berildi. Shuningdek, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlarda ham qimmatbaho sovg‘alar taqdim qilindi.
23-11-2023, 18:36
Вернуться назад