Bugun, 20 aprel kuni Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi mezbon saudiyalik tengqurlarini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning birinchi taymi, 40-daqiqasida Sarsenbayev va 45-daqiqada Abdukarimovga qizil kartochka ko‘rsatildi. 2 kishi kam bo‘lib qolgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. 50-daqiqada Muhammad Hakimov O‘zbekistonni oldinga olib chiqdi. 70-daqiqada Sadriddin Hasanov oradagi farqni ikkitaga oshirdi. O‘yin yakuniga qadar o‘zbekistonliklar darvozaboni Rustamjonov bir qancha seyv amalga oshirib, jamoasini gollardan qutqardi.
Shu tariqa, Islom Ismoilov qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi chempioniga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida, 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ikkinchi marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.