Farhod Mannopov operasiya qilingan klinikadagi shifokorda malakaviy toifa bo‘lmagan — Sog‘liqni saqlash vazirligi
Shu yilning 5 mart kuni vafot etgan “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan “Star Med Center” klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma’lum bo‘ldi.
Tekshirishda bemor F.Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan yagona Nizomda belgilab berilgan bir qator lisenziya talab va shartlari buzilgan.
Xususan, Farhod Mannopov operasiya qilingan “Star Med Center” klinikasida bemorga anestiziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan.
Anestiziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan.
Tibbiy faoliyat lisenziyasi talab va shartlariga vrach-mutaxassislarda tegishli tibbiy mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot va malakaviy toifa hamda malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikat mavjud bo‘lishi shart.
Xuddi shunday, Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqdi.
Gap shundaki, Mannopovga operasiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor E.A. Andijon davlat medisina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019 yil 17 iyunda tugatgan.
Mazkur mutaxassisning ish staji besh yil bo‘lmaganligi uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik bo‘yicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun malaka toifasiga ega bo‘lishi talab etilmagan. Biroq u bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan.
Lekin “OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan plastik jarroh shifokori E.A.da malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan.
Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J.SH. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.