Qatarning yirik kompaniyalari O‘zbekiston bozorlariga kirmoqchi

Qatarning yirik kompaniyalari O‘zbekiston bozorlariga kirmoqchi
O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Bu haqda O‘zbekiston Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Vazir Laziz Kudratov Qatarga tashrifi doirasida Dohada quyidagi yirik kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi:

Qatar investisiyalar va sanoat vaziri Muhammad al-Tani;

"Hassad Food", "Nebras Power", "FITCO Detergent", "Alazizya Chemicals Factory", "Qatar National Cement", "Power International Holding" kompaniyalari;

Qatarning "Education Above All Foundation" jamg‘armasi va boshqa yirik kompaniya rahbarlar.

Muhammad at-Tani bilan bo‘lib o‘tgan samarali suhbat davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari aloqalarini mustahkamlash, sarmoyaviy va sanoat kooperasiyasini oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.

Qatarning yirik kompaniya rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Qatar kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida yirik investisiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

“Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, “yashil” energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, maishiy kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida loyihalarni amalga oshirish hamda moliyaviy-texnik hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi”, — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, Qatar ishbilarmon doirasining O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi yuqori.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив