“Jarimalarni bir necha karra ko‘tarib, magistral yo‘llarda tezlikni 80 km/soatgacha cheklash kerak”. Spiker o‘rinbosari taklif bilan chiqdi

“Jarimalarni bir necha karra ko‘tarib, magistral yo‘llarda tezlikni 80 km/soatgacha cheklash kerak”. Spiker o‘rinbosari taklif bilan chiqdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spekiri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev yo‘llardagi vaziyatga munosabat bildirib, bu borada javobgarlikni yana-da kuchaytirishni taklif qildi:

“Shaxsiy fikrimcha, bunday vaziyatning yuzaga kelishi avtotransport boshqarish “madaniyat”imizdan dalolat. Kengroq maʼnoda esa, ming afsus, jamiyatimizda sinizm deb atalmish fenomenning keng tomir otayotganidan nishon.

Qoidabuzarlik uchun jazoning muqarrarligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lyapti. Mana, misol uchun, poytaxtimizda radarlar va svetoforlar o‘rnatilgan ko‘chalarda YTHlarning keskin kamaygani qayd etilyapti. Menimcha, mamlakatimiz bo‘ylab haqiqiy, xalqaro meʼyorlardagi avtostradalar qurilgunigacha hozirgi magistral yo‘llarimizda tezlikni 80, 90 km/soatgacha cheklab, qo‘shimcha fotoradarlar o‘rnatilsagina bosar-tusarini bilmaydigan “lixach”larimizni tarbiyalasak bo‘ladi. Ular to‘laydigan jarimalarni ham dadil, qo‘rqmasdan bir necha karra ko‘tarsak, xalqimiz bunday qarorlarni faqat olqishlagan bo‘lardi nazarimda. “Xalqimiz” tushunchasiga qonun-qoidaga itoatkor haydovchilarimizni ham qo‘shgan bo‘lardim. Negaki, “o‘pkasi shishgan shumaxerlar”dan, bir narsadan quruq qolayotgandek orqadan “taqab” keladigan “taʼqibchilar”dan ular ham bezor.

Insoniyat tarixi shuni o‘rgatadiki, odamlar umumiy qoida va qonunlarni nazar-pisand qilmay qo‘ysa, qonunbuzarlik uchun jazolarni keskin kuchaytirishgina samara bergan. Ayniqsa, qonun, qonun ustuvorligi, qonunga itoat madaniyati endi-endi shakllanib kelayotgan jamiyatlarda.

Bir so‘z bilan aytganda, yo‘llarimizdagi boshboshdoqlikka chek qo‘yish, odamlar hayotiga zomin bo‘layotgan YTHlarga barham berishni ko‘zlab, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazolarni keskin kuchaytirsak, jazoning esa muqarrarligini (zamonaviy texnik vositalar yordamida) qatʼiy taʼminlasak maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, - deydi Tojiyev. 
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив