Samarqandda IIB xodimlari tadbirkor ayolga kuch ishlatdi

Samarqandda IIB xodimlari tadbirkor ayolga kuch ishlatdi
Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari ayol kishiga kuch ishlatayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat hokimining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi, matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev munosabat bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, videoda tasvirlangan holat kecha, 13 noyabr kuni Toyloq tumani Ilmobod mahallasida sodir bo‘lgan. 

Aniqlik kiritilishicha, fuqaro L.E. va Z.J. Samarqand viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Toyloq tuman filiali balansida bo‘lgan 10 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda egallab,  atrofida uzunligi 25 metrdan iborat devor qurib olgan. 

Mazkur yer maydoni esa ichimlik suvi inshootini qurish bo‘yicha Toyloq tumani hokimining 2019 yil 18 apreldagi 1045-sonli qarori bilan “Suvoqova” davlat unitar korxonasi hisobiga o‘tkazilgan bo‘lgan. 

“Yerga da’vo qilayotgan fuqaro  L.E.da yerga egalik huquqini beruvchi hech qanday hujjat mavjud emas. Shu boisdan Kadastr palatasi Toyloq tuman filiali tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olgan devorni o‘z xohishi bilan belgilangan muddat ichida buzib, o‘z holiga qaytarib qo‘yish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Biroq fuqaro ogohlantirishlarga qaramay, noqonuniy qurilgan devorni buzmagan”, deyiladi matbuot kotibi bergan munosabatda.

Qayd etilishicha, ushbu yer maydoniga ichimlik suvi minorasini qurib, Ilmobod hamda Bunyodkor mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida kecha, 13 noyabr kuni viloyat hamda tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida mazkur devor buzilib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Buzish vaqtida esa fuqaro L.E. hamda uning qarindoshlari jarayonga faol qarshilik ko‘rsatgan. Shu bois jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududga IIB xodimlari ham jalb qilingan.

Biroq hokimlik munosabatida xodimlarning fuqarolarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishi va jismoniy kuch ishlatishi bilan bog‘liq holatga hech qanday izoh berilmagan.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив