Nazarboyevning jiyani 1,4 milliard dollarni davlatga qaytardi

Nazarboyevning jiyani 1,4 milliard dollarni davlatga qaytardi
Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurash xizmati sudlangan tadbirkor Qayrat Sotiboldi davlatga 650 milliard tengeni (1,4 milliard dollar) qaytarganini ma’lum qildi, deb yozdi Tengrinews.

Departament rasmiy vakili Arman Tleukanovning aytishicha, Qayrat Sotiboldiga nisbatan jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha 218-modda 3-qismi bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari yakunlangan.


«Qayrat Sotiboldi jinoiy yo‘l bilan olingan mablag‘lar va noqonuniy orttirilgan daromaddan foydalangan holda turli xil mulk sotib olgan, shu jumladan chet elda. Bu ish hozir sudda. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha yana bir epizod qayd etilgan bo‘lib, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», dedi u.


Tleukanovning aniqlik kiritishicha, shu kungacha davlatga qaytarilgan mablag‘larning umumiy miqdori 912 milliard tengeni (2 milliard dollar) tashkil etadi.


Qayrat Sotiboldi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani. 2022 yil mart oyida u «Qazaqtelekom» aloqa operatoridan mablag‘larni o‘g‘irlash va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanib hibsga olingan edi.


Nazarboyevning jiyani «Qazaqtelekom» aksiyalarining 24 foizdan ortig‘iga egalik qiluvchi Skyline Investment ofshor kompaniyasi asoschisi bo‘lgan.

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив