Norin tumanidagi madaniyat markazida “Konstitutsiya - inson qadri, tinchlik, erkinlik va adolat garovi!” shiori ostida “Konstitutsiya - milliy qadriyatlar va zamonaviy qonunlar uyg‘unligi” mavzusida viloyat miqyosidagi otinoyilar seminari o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid Xatamov, tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov, viloyat bosh otinoyisi Ashuraxon Xo‘jayeva va tumanlardan kelgan otinoyilar, davlat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi ayollarning maʼnaviy-maʼrifiy savodxonligini oshirish, yosh avlod ongida milliy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida davlatimiz madxiyasi, Ona, Vatan haqida sheʼrlar , farzand tarbiyasida onaning o‘rni, buvi va nabira , “Maromiylik” loyihasi bo‘yicha to‘ylarimizdagi isrofgarchiliklarni oldini olish, milliy qadriyatlarimiz sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etildi. Ushbu chiqishlar ishtirokchilarda katta taʼsurot qoldirdi va yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash, ularni barkamol shaxs qilib voyaga yetkazishda maʼnaviy tarbiyaning o‘rni naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Tadbirda ishtirok etgan rahbarlar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish hamda jamiyat barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Seminar davomida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy ekstremizm va turli yot g‘oyalarga qarshi maʼrifat yo‘li bilan kurashish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Tadbir yakunida taʼkidlanganidek, bunday uchrashuv va muloqotlar aholining, xususan, ayollar va yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish hamda milliy g‘oya va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek mahallada faol ishlagan bir guruh otinoyilar tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Нет комментариев.