Shifokor ro‘zador futbolchilarga o'z tavsiyalarini e'lon qildi

Shifokor ro‘zador futbolchilarga o'z tavsiyalarini e'lon qildi
O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tibbiy qo‘mitasi raisi, "Lokomotiv" klubi bosh shifokori Abror Pirriyev O‘zbekiston musobaqalarida o‘ynayotgan ro‘zador futbolchilarga maslahatlar berib o‘tdi.

Uning tavsiyalari doimiy jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanadigan istalgan insonga mos tushishi ahamiyatli.

Mutaxassisga ko‘ra, mashg‘ulot yoki o‘yin davomida futbolchi organizmi uchun energiya manbai – bu uning iftorlik va saharlikda tanovul qilgan taomi bo‘lgani bois, og‘iz ochiq paytda yetarli suyuqlik ichish va oqsilga boy taomlardan yeyish muhim.

Saharlikda qovurilgan, tuzi mo‘l, yog‘li, achchiq, o‘ta shirin yemaklar yemagan ma’qul, — deydi futbol shifokori.

Dimlangan taomlar, sut mahsulotlari, tuxum, bo‘tqalar maqbul.

Iftorlikda salatlar, dukkakli suyuq hamda me’daga botmaydigan quyuq taomlar, mevalar mumkin.

Og‘izni yopgach, darhol uyquga ketmay, toza havoda biroz sayr, mutolaa yoki uy yumushlarini qilish lozim.

Uyqu esa yemak oshqozonni tark etib ulgurgan, quyosh tafti ancha kuchaygan – tush mahaliga qoldirilsa, nur ustiga a’lo nur.

Tiniqib uxlab, kuch yig‘ib, kechki mahal mashg‘ulotga chiqish mumkin (futbolchilarda bunga sharoit bor). Buyog‘iga og‘iz ochishga yaqin qoladi.

Mashg‘ulot yoki o‘yin mahali og‘iz ochishga to‘g‘ri kelganda, suvdan so‘ng ikki dona xurmo va bitta banan yetarli, — deya fikrini yakunlaydi mutaxassis.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив