Ukraina NATOga harakatlar rejasisiz qabul qilinishi mumkin — Politico

Ukraina NATOga harakatlar rejasisiz qabul qilinishi mumkin — Politico
Politico'ning yozishicha, NATO Bosh kotibi ittifoqchilarga Ukraina urushdan keyin alyansga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasini amalga oshirmasdan qo‘shilishi mumkinligiga rozi bo‘lishlarini taklif qilgan.

NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasi harbiy va demokratik islohotlar to‘plami bo‘lib, ariza beruvchi mamlakat qo‘shilishdan oldin amalga oshirishi kerak.

Harakatlar rejasi to‘sig‘ini olib tashlash Ukrainaning ittifoqchi bo‘lishga intilishini tezlashtiradi. Ammo bu Kiyevga keyinchalik Ukrainaning a’zoligiga barcha davlatlar bir ovozdan rozi bo‘lishiga hech qanday muddat yoki kafolat bermaydi, deb yozadi gazeta.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, bu reja Oq uy tomonidan ham tasdiqlangan. AQSh prezidenti Jo Bayden seshanba kuni Vashingtonda NATO rahbari Stoltenberg bilan uchrashuvda rejani muhokama qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. NATOning eng muhim a’zosi sifatida AQShning qo‘llab-quvvatlashi harakatlar rejasi talabini tugatish uchun muhim ahamiyatga ega.

"Agar AQSh haqiqatdan ham shuni xohlasa, ular bunga erishishlari mumkin", — deb ta’kidladi Politico nashri suhbatdoshi bo‘lgan NATO rasmiysi.

Juma kuni Stoltenberg "barcha ittifoqchilar Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga rozi", degan pozisiyasini yana bir bor tasdiqladi: "Vilnyusdagi sammitda biz taklifni emas, balki Ukrainani NATOga qanday yaqinlashtirishimiz mumkinligini muhokama qilmoqchimiz. Va ishonchim komilki, biz bu bo‘yicha yaxshi yechim topamiz", — deydi alyans rahbari.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив