AQSh yana UNESCOga a’zo bo‘ldi

AQSh yana UNESCOga a’zo bo‘ldi
O‘tgan yilning dekabr oyida AQSh Kongressi UNESCOga a’zolik to‘lovlari uchun 500 million dollardan ortiq mablag‘ni tasdiqladi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari besh yillik tanaffusdan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO)ga rasman qaytdi. Bu haqda 11 iyul, seshanba kuni UNESCO bosh direktori Odri Azule ma’lum qildi, deya xabar beradi xalqaro tashkilot matbuot xizmati.

AQSh tashkilotga qaytganidan keyin UNESCOga a’zo-davlatlar soni 194 taga yetdi.

Qayd etilishicha, tashkilotga qayta kirishdan avval AQSh va BMT qo‘shma harakatlar rejasini, jumladan, AQSh qarzini to‘lash va agentlik ijroiya kengashiga qaytish jadvalini tuzgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) – Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasasi. U ta’lim, fan va madaniyat sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari 2017 yilning oktabrida UNESCO tarkibidan chiqqan edi. O‘sha paytdagi mamlakat Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tashkilotning “Isroilga qarshi siyosati” tufayli mazkur qarorga kelinganini aytgandi. Tez orada Isroil ham UNESCOni tark etgandi.

2022 yil fevral oyida Isroil hukumati Davlat departamentiga Vashingtonning tashkilotga qaytishiga qarshi emasligini bildirgandi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив