Islandiya Moskvadagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatdi

Islandiya Moskvadagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatdi
1 avgust kuni Islandiya Rossiyadagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatib, buni amalga oshirgan birinchi Yevropa davlatiga aylandi.

"Islandiyaning Moskvadagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni uzishni anglatmaydi. Sharoit yaxshilanishi bilan Islandiya elchixonani qayta ochadi", — deyiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Diplomatik missiyaning yaqin orada yopilishi haqida 9 iyun kuni e’lon qilingan edi. O‘shanda rasmiy Reykyavik Rossiya bilan tijoriy, madaniy va siyosiy aloqalar tarixiy eng past darajada ekanligini, shuning uchun Moskvada elchixona faoliyatini saqlab turish noo‘rin ekanligini ma’lum qilgandi.

Islandiya tashqi ishlar vaziri Tordis Kolbrun Gyulfadottir o‘sha paytda bunga quyidagicha izoh bergandi: "Hozirgi vaziyat Islandiyaning kichik tashqi xizmati uchun Rossiyada elchixonani saqlashga imkon bermaydi".

Ertasi kuni Rossiya rasmiylari bu qarorga "muqarrar javob choralari ko‘rilishi"ni ma’lum qilgandi.

Shuningdek, 1 avgust kuni Islandiya Ukrainada diplomatik ishtirokini oshirayotganini e’lon qildi. Islandiyaning Kiyevda elchixonasi yo‘q, shuning uchun mamlakat diplomatlarii Ukraina poytaxtidagi Litva diplomatik missiyasi binolaridan foydalanadilar.

"Litva Islandiyaning xalqaro maydondagi eng yaqin do‘stlaridan biridir. Hamkorlik taklifini qabul qilish biz uchun sharaf. Biz Ukraina bilan munosabatlarimiz yaqin kelajakda mustahkamlanishini kutmoqdamiz va hozirda Kiyevda elchixona ochish rejamiz yo‘qligi sababli, bu hamkorlik ajoyib boshlanish nuqtasidir", — deyiladi Islandiya TIV bayonotida.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив